Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahri, “Huvaydo” MFY hududidan oqib o‘tgan “Besholish” soy bo‘yidan 270 tup daraxtlar noqonuniy ko‘chirilishi holati bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu yer maydonida ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar mavjudligiga qaramasdan 22-yanvarda shahar hokimi tomonidan auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi qaror qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu yer maydonida ko‘p qavatli turar joy binolari, yirik universal va ixtisoslashtirilgan savdo do‘konlari, supermarketlar, restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish va auksions savdolariga chiqarish maqsadida yer maydoni 2 ta lotga bo‘lingan holda “ERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan.
Kelishish jarayonida Quvasoy shahar ekologiya bo‘limi tomonidan 2025-yil 3-fevralda axborot tizimi orqali ko‘p yillik daraxtlar mavjud bo‘lganligi sababli ushbu yer maydonida loyihani amalga oshirish mumkin emasligi ko‘rsatilgan va rad javobi berilgan.
Shunga qaramasdan, shahar hokimi o‘rinbosari v.b. N.M.ning topshirig‘iga asosan 11–14-fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida 270 tup (sasna, kashtan, katalpa, Yapon saforasi, tut, aylant) daraxt 16 ta joyga noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan va 9 tup daraxt ko‘chirish jarayonida nobud qilingan.
Shuningdek, hokimlik mansabdor shaxslarining noto‘g‘ri qarorlari va noqonuniy topshiriqlari oqibatida ko‘chirilgan daraxtlar kelgusida nobud bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lgan yer maydonlariga ekilgan.
Daraxtlarni noqonuniy ko‘chirish natijasida tabiatga umumiy 1 mlrd 829 mln 437 ming 500 so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi.