Foto: Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist va bloger Abduqodir Moʻminovning bir nechta shaxslar unga hujum qilib, tan-jarohati yetkazgani hamda avtomashinasining oynalarini sindirgani haqida videomurojaati tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 23-dekabr kuni taxminan soat 22:30 larda Abduqodir Moʻminov “102” raqamiga qoʻngʻiroq qilib, Yashnobod tumanida nomaʼlum shaxslar uni urib tan jarohati yetkazib, unga tegishli boʻlgan “Samsung S21 Ultra” rusumli uyali aloqa vositasini olib ketganligini, shuningdek, uning avtomashinasiga qattiq jism bilan urib shikast yetkazishganligini maʼlum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur xabar asosida voqea joyiga tergov-tezkor guruhi chiqib, barcha zaruriy tergov-tezkor harakatlari olib borilgan va xolislar ishtirokida voqea joyidan 5 dona qoʻl barmoq izi va 1 dona beysbol bitasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.
Shuningdek, Abduqodir Moʻminovdan bir dona fleshkadagi videoyozuvlar tekshirib koʻrish uchun protsessual tartibda olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 164-moddasi (“Bosqinchilik”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Xabarga koʻra, Toshket shahar IIBB rahbariyatining topshirigʻa koʻra, ushbu jinoyatni fosh etish maqsadida malakali xodimlardan iborat tergov-tezkor guruhi tuzilib, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan barcha zarur tergov va tezkor-qidiruv harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling