Toshkent aeroportida yashirincha 1 bosh Nil timsohi bolasi, 3 bosh iguana va piton bolalarini olib oʻtayotgan ayol ushlandi

Jonivorlar hozirda karantinda va mutaxassislar nazorati ostida

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati<br>

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Toshkent aeroportida yashirincha 1 bosh Nil timsohi bolasi, 3 bosh iguana va piton bolalarini olib oʻtmoqchi boʻlgan ayol qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 16-noyabr kuni Misrdan Toshkentga uchib kelgan yoʻlovchilar orasida “yashil” yoʻlakdan harakatlanayotgan ayolning bezovtalanishi va shubhali xatti-harakatlari bojxona xodimlarining diqqatini tortgan.

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Shundan soʻng, unga tegishli bagaj nazorat-rentgen uskunasi orqali koʻzdan kechirilganida, yuklar orasidagi 2 ta shirinlik qutisi endoskop yordamida qutini ochmasdan turib, uning ichida nima borligi sirtdan maxsus apparat yordamida tekshirilgan.

Qutilar koʻzdan kechirilganda ularning ichida yovvoyi jonivorlar borligi aniqlangan. Shundan soʻng, aeroportga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Toshkent hayvonot bogʻi vakillari taklif etilgan.

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Qutilar ochib qaralganda 1 bosh Nil timsohi bolasi, 3 bosh iguana hamda toʻrsimon, yoʻlbars va xondra zotiga mansub piton bolalarini noqonuniy olib kirishga urinish fosh qilingan.

Ushbu jonivorlar Toshkent hayvonot bogʻiga topshirilgan. Hayvonot bogʻi maʼmuriyatining maʼlum qilishicha, hozirda mazkur jonivorlar karantinda saqlanmoqda va ularning har biri mutaxassislar nazorati ostida.

“Kichkintoylarning ahvoli yomon edi, chunki ular issiq iqlimga moslashib, samolyotning yuk boʻlimidagi past harorat va tor sharoitda ancha vaqt qolib ketganlar. Bundan tashqari, yangi tugʻilgan iguanalardan ancha yirik boʻlgan timsoh ular bilan bir qutida boʻlib, ularni ogʻir jarohatlagan va ular hozirda oʻlim yoqasida”, — deyiladi xabarda.

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Foto: Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati

Xabarga koʻra, yangi tugʻilgan yoʻlbars naqshli va toʻrli pitonlar juda ozgʻin boʻlib, ularning tanasi suvsizlangan va jiddiy veterinar davolanishni talab qiladi.

“Chorasiz ”asirdagi yoʻlovchilar“ hayvonot bogʻiga olib kelindi, ular karantinda va mutaxassislar nazorati ostida”, — deyilgan hayvonot bogʻi matbuot xizmati bergan xabargan.

Shuningdek, jonivorlarni olib oʻtishga uringan ayol bu ishni boshqa bir shaxsning iltimosiga binoan maʼlum bir haqi evaziga olib oʻtayotganini maʼlum qilgan.

Mazkur holatda olib qoʻyilgan noyob jonivorlarning bahosi dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda taxminan 77 mln soʻmdan oshmoqda. Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling