O'zbekistonlik erkak uyini sotib, pullarini Fransiya g'alabasi uchun tikib yuborilgani aytilmoqda

Mazkur vaziyat jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda

JCH—2022 final oʻyinida Fransiya va Argentina terma jamolari toʻqnash keldi. Oʻyin yakunlariga koʻra, Argentina terma jamoasi Fransiyani penaltilar seriyasida magʻlub etib, jahon chempioni boʻldi.

Oʻzbekistonlik erkak oʻz yashash xonadonini sotib, barcha pullarini Fransiya gʻalabasi uchun tikib yubordi.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur shaxs avvalroq ham shunga oʻxshash oʻyinda 50 ming dollar yutib olgan va oʻzini omadliman deb hisoblab Fransiya gʻalabasi uchun pul tikkan. Fransiya magʻlub boʻlishi oqibatida esa, erkak va uning oilasi koʻchada qolgan.

Mazkur vaziyat jamoatchilik orasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Jumladan, Facebook foydalanuvchilaridan biri bu voqeaga nisbatan oʻz fikrini bildirar ekan, pul tikib yutkazib qoʻygan erkakka emas, uning koʻchada qolgan oilasiga achinayotgani haqida yozgan.

Foydalanuvchilarning biri esa, uning bir qarindoshi ham shunday tarzda “Lacetti” avtomobilini yutkazib qoʻyganini, keyin esa Rossiyaga ishlashga ketganini yozgan.

Shuningdek, yana bir foydalanuvchining yozishicha, uning bir tanishi qimorga mukkasidan ketgani va ishxonasining pulini barchasini tikib yuborib, hozirda qamalib ketganini yozmoqda.

“Futbol oʻyna, basketbol oʻyna, ana bor blyard oʻyna hovuring bosiladi. Qimor oʻynashga nima bor”, — deb yozadi tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

Shuningdek, Telegram tarmogʻida ham mazkur hodisa koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Jumladan, Telegram kanallaridan birining muallifi qimordan hech kim boy boʻlmagani, buning oxiri jarlik ekanini yozmoqda.

“Bunchalik kaltafahm boʻlmanglar, doʻstlar. Finalda Fransiya yutadi, deb hovlisini sotib, pulini onlayn qimorga tikib yuboribdi bitta tentak. Avvalroq 50 ming dollar yutgan ekan. Qimordan hech kim boy boʻlib ketmagan, buning oxiri jarlik. Xaromligi alohida masala. Hudo bergan aqlni ishlatinglar”, — deb yozgan u.

Shu bilan birga yana bir Telegram kanali muallifi ham mazkur holatga oʻz fikrlarini bildirgan.

“Bitta jinni kechagi finalda Fransiya yutadi deb, hovlisini sotib, pulini onlayn qimorga tikib yuboribdi. Hudo bergan aqlni ishlatinglar”, — deb yozadi u.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling