Foto: CentralAsia
Qozogʻistondagi ArcelorMittal Temirtau kompaniyasi shaxtalaridan birida gaz portlashi sodir boʻldi, natijada toʻrt kishi halok boʻldi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.
Qozogʻiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy vakili Ruslan Imonqulov bergan maʼlumotlarga koʻra, qutqaruvchilar kon ishchilaridan birini qidirmoqda, toʻrt nafar ishchi esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
“Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, voqea 3-noyabr kuni taxminan tungi soat 03:00 lar atrofida Shaxtinsk shahrida “ArcelorMittal Temirtau” AJga qarashli Lenin konda yuz bergan. Portlash gaz drenaj quduqlarini burgʻulash chogʻida toʻsatdan sodir boʻlgan.
Voqea oqibatida toʻrt nafar ishchi halok boʻldi, bir nafar ishchini qidirish ishlari olib borilmoqda, yana toʻrt nafar ishchi esa kasalxonaga yotqizilgan”, — deydi Imonqulov.
Xabarga koʻra, kondan 106 nafar ishchi evakuatsiya qilingan.
Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Tokayev portlash oqibatida halok boʻlganlarning oila aʼzolariga va yaqinlariga hamdardlik bildirib, telegramma yubordi.
“ArcelorMittal Temirtau” AJ konida yuz bergan avariya natijasida halok boʻlgan ishchilarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiraman”, — deyiladi telegrammada.
Shuningdek, hukumat va Qaragʻanda viloyati hokimiga avariya sabablarini aniqlash, halok boʻlganlar va jarohatlanganlarning oila aʼzolariga tegishli yordam koʻrsatish yuzasidan tezkor choralar koʻrish boʻyicha topshiriq berililgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling