Andijonda sobiq hokim maktab yerini noqonuniy sotib yuborgani bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atildi

Mazkur yer “SXF Andijon city stroy” MCHJga kompleks bino inshootlari qurish uchun ajratib berilgan

Foto: Xabar.uz

Foto: Xabar.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi 50-maktab stadioni sotib yuborilgani va uning oʻrniga koʻp qavatli bino qurilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.

Maʼlum qilinishicha, Andijon shahar hokimining 2019-yil 14-avgustdagi qarori bilan 50-sonli umumtaʼlim maktabining yer maydoni hokimlik zaxirasiga olingan.

Shuningdek, mazkur maydon shahar hokimining 2020-yil 2-iyuldagi qaroriga asosan “SXF Andijon city stroy” MCHJga kompleks bino inshootlari qurish uchun ajratib berilgan.

Tekshiruvlar davomida, 2020-yil 2-iyuldagi qaror soxtalashtirilgani aniqlangan. Shuningdek, shakar prokuraturasi tomonidan 2022-yil 5-oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi (hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanish) “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Dastlabki tergov harakatlari Andijon shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan olib borilmoqda.

Bundan tashqari, shahar hokimining 2019-yil 14-avgustdagi qarori qonun talablariga zid ravishda qabul qilinganligi sababli, qarorni haqiqiy emas deb topish haqida Andijon tumanlararo maʼmuriy sudiga daʼvo arizasi kiritilishi taʼminlangan.

“Asossiz va tekshirilmagan xabarlarni tarqatish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi”, – deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling