O'zbekistonda avtomobil va ko'chmas mulkni boshqa shaxsga sotganda to'lanadigan davlat boji kamaytirildi

Ushbu qonunlar rasmiy e'lon qilingan kunidan boshlab kuchga kiradi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

“Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda Telegramʻdagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Unga koʻra, endilikda davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:

  • koʻchmas mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun:
  • agar koʻchmas mol-mulk Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida joylashgan boʻlsa, BHMning 1 baravari (ilgari koʻchmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha);
  • agar koʻchmas mol-mulk boshqa aholi punktlarida joylashgan boʻlsa, BHMning 50 foizi (ilgari koʻchmas mol-mulkning umumiy maydoniga qarab BHMning 50 foizidan 1,5 baravarigacha).

Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga oʻzgartishlar kiritganlik uchun:

  • mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa-singillariga – BHMning 10 foizi (ilgari BHMning 25 foizi);
  • jismoniy shaxslar uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi);
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs boʻlsa – BHMning 50 foizi (ilgari BHMning 1 baravari);
  • mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari BHMning 50 foizi).

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

  • jismoniy shaxslar uchun – BHMning 1 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha);
  • yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs boʻlsa – BHMning 2 baravari (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha).

Qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun – BHMning 25 foizi (ilgari shartnoma summasiga qarab BHMning 25 foizidan 1 baravarigacha).

Avtomototransportni boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji quyidagi miqdorlarda undiriladi:

  • avtomototransport vositalari uchun – BHMning 3 baravari (ilgari transport vositasi dvigatelining quvvati, yaʼni ot kuchiga va ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 2 baravaridan 10 baravarigacha);
  • bitta mototransport, motoaravacha, motoqayiq uchun – BHMning 25 foizi (ilgari ishlab chiqarilgan sanasiga qarab BHMning 10 foizidan 50 foizigacha).

Avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni, shuningdek avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun:

  • mulkdorning xotiniga (eriga), uning va xotinining (erining) ota-onasi, bolalari va ularning eriga yoki xotiniga, nabiralariga, buvilariga, buvalariga, aka-ukalari va opa- singillariga, jiyanlariga – BHMning 50 foizi;
  • boshqa shaxslarga – BHMning 2 baravari (ilgari BHMning 3 baravari).

Qarz shartnomasidan kelib chiqadigan pul summalarini undirish toʻgʻrisidagi ijro varaqalarini berganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling