Foto: DriveNN.ru
Oʻzbekistonda YPX xodimlariga narkotesterdan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasida qayd etilgan.
Unga koʻra, yoʻl-patrul xizmati xodimlariga transport vositalari haydovchilarining giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar taʼsiridan mast holatda ekanligini aniqlashda narkotester maxsus texnik vositasidan foydalanish hamda aniqlangan holatlar boʻyicha transport vositalari haydovchilariga nisbatan chora koʻrishga ruxsat berilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, tekshiruv YPX xodimi tomonidan maxsus moslama (alkotester, narkotester) yordamida belgilangan tartibda transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan chiqarilgan havodagi etanol bugʻlar konsentratsiyasi miqdorini yoki biologik suyuqlik (soʻlak)da giyohvandlik yoxud psixotrop moddalar borligini aniqlash orqali oʻtkaziladi.
Shuningdek, transport vositasi haydovchisi alkotesterda oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga eʼtiroz mavjud boʻlgan hollarda yoxud transport vositasi haydovchisining ogʻiz boʻshligʻidan olingan biologik suyuqlik (soʻlak) narkotester yordamida tekshirib koʻriladi.
Tekshiruvda haydovchining giyohvand modda isteʼmol qilganligi aniqlangan hollarda YPX xodimi transport vositasini boshqarayotgan shaxsning alkogolli ichimliklar, giyohvand modda taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling