Kecha kunduzi va o‘tgan kechasi O‘zbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi boshlandi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ushbu havo massalarining kirib kelishi bugun ham davom etadi. Bugun 3-mart kuni hududning katta qismida qor yog‘ishi davom etadi va havo harorati 0-5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi. Kunning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida qor yog‘ishi to‘xtaydi.
4-martda O‘zbekistonning barcha viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat respublikaning ayrim tog‘li hududlarida biroz qor yog‘ishi mumkin. Kechasi va ertalab hali ham sovuq antisiklon ta‘siri saqlanib turadi, harorat 2-7 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.
Kunduzi antisiklon respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi. Harorat 4-7 daraja iliqqacha ko‘tariladi, ammo bu mart oyi boshi uchun me‘yordan nisbatan pastdir. Respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.
5-6-mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 7-martda respublika bo‘yicha ba‘zi joylarda (Farg‘ona vodiysidan tashqari) yana yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.
Faqat O‘zbekistonning shimolida – Ustyurtda va Orol bo‘yi hududlarida yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. Hafta o‘rtasidan harorat jadal ko‘tarila boshlaydi va 6-7-mart kunlariga kelib, kechalari 5-8 daraja iliqni, kunduz kunlari 14-17 daraja iliqni, janubda 20-22 daraja iliqqachani tashkil etadi.
3-mart va 7-mart kunlari respublika bo‘yicha ba‘zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba‘zida 23-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkent shahrida 3-martda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Harorat 0-2 daraja sovuq bo‘ladi. 4-6-mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 7-martda kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Harorat 4-martda kechasi 3-5 daraja sovuq, kunduzi 5-7 daraja iliq bo‘ladi. 5-7-martda harorat kechalari 4-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 14-17 daraja iliqqacha ko‘tariladi.