Foto: Youtube.com
Davlat test markazi oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarining savollari tarqalib ketgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Ma'lum bo'lishicha, OTMlarga kirish test sinovlarida abiturientlarga kimyoviy elementlar davriy sistemasi beriladi. 2020-yildan boshlab abiturientlarga fizika fanidan “Doimiy fizik kattaliklar va shartli belgilashlar jadvali” ham berila boshlangan. 2022-yildan esa xalqaro standartlar o'rganilgan holda abiturientlarga kimyo, fizika va matematika fanlaridan asosiy formulalar jadvali ham berila boshlangan.

Foto: t.me/abiturgame
“Lekin ayrim Telegram kanallarda mazkur materiallar rasmga tushirilgan holda testlar va formulalar mashinada yetkazilmoqda degan mazmunda postlar qo'yilmoqda. Qayd etish kerakki, rasmdagi materiallar abiturientlar uchun tarqatiladigan asosiy formulalar jadvali bo'lib, unda hech qanday maxfiy ma'lumotlar mavjud emas”, — deyiladi xabarda.
Ta'kidlanishicha, abiturientlarning test topshiriqlari Davlat test markazining maxsus binosidan Davlat feldegerlik xizmati tomonidan qabul qilinib, maxfiylik ta'minlangan holda test sinovi o'tkaziladigan joylarga yetkaziladi va qayta Davlat test markaziga olib kelinadi.