Foto: eff
SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi Ilon Mask may oyida Twitter ijtimoiy tarmog‘ini sotib olish haqidagi bitimni kechiktirishni taklif qilgan va buni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli yangi jahon urushi boshlanishi mumkinligi bilan izohlagan. Bu haqda "Meduza" xabar berdi.
Qayd etilishicha, 6-sentabr kuni Delaver shtat sudida Ilon Mask va oldi-sotdi bitimi bilan shug‘ullangan Morgan Stanley bankiri o‘rtasidagi yozishmalar oshkor etilgan. Buni Twitter kompaniyasi manfaatlariga vakillik qilayotgan advokat Uilyam Sevitt amalga oshirgan.
2022-yil 8-maydagi matnli xabarida Mask Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Qizil Maydondagi G‘alaba kuniga bag‘ishlangan nutqini tinglash uchun bitimni “bir necha kunga” kechiktirishni taklif qilgan.
“Keling, bir necha kunga kechiktiramiz. Putinning ertangi nutqi rostan ham muhim. Agar biz uchinchi jahon urushiga qarab ketayotgan bo‘lsak, Twitter’ni sotib olish mantiqsiz”, — deb yozgan Mask.
9-may kungi nutqida Vladimir Putin “NATO bloki bizga tegishli hududlarni faol ravishda harbiy o‘zlashtirib ola boshlagani”dan keyin Rossiya Ukrainada “maxsus operatsiya” boshlaganini ma’lum qildi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya tajovuzga qarshi oldini oluvchi zarba bergan”.
Shuningdek, Maskning advokati Aleks Spiro bunga javoban, har qanday biznesmen potensial urushning fond bozoriga ta’siridan xavotir olgan bo‘lishini bildirgan. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Maskning gaplari kontekstdan yulib olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling