Sog'liqni saqlash vaziri va Antikorrupsiya agentligi rahbari Senatda tortishib ketdi

Behzod Musayev Antikorrupsiya agentligi aniqlagan kamchiliklardagi raqamlarga e'tiroz bildirgan.

Foto: Senat axborot xizmati

Foto: Senat axborot xizmati

Oliy Majlis Senatining 4 avgust kungi yalpi majlisida sog'liqni saqlash vaziri Behzod Musaev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonovning ma'ruzasiga e'tiroz bildirdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo’lishicha, Burhonov nutqi davomida 2021-yil Sog'liqni saqlash vazirligi tizimida 56 milliard so'mlik kamchiliklar aniqlanganini aytgan. Musaev esa bu raqamlarga e'tiroz bildirgan.

“Hisobotda tibbiyot eng korrupsion soha deb xulosa qilinyapti. Qani, o'sha 395 ta tashkilot? Biz shu ma'lumotlarni ko'rganimizdan beri tagiga yetgimiz kelyapti. Qaysi tashkilotimizda shunday katta moliyaviy kamchiliklar aniqlandi?                                                                                   Shunday katta korruptsion holat aniqlangan bo'lsa, nega kattaroq tibbiyot tizimi rahbariga nisbatan sud tomonidan qat'iy jazo choralari ko'rilmagan? Bu kamchiliklar sudda o'z dalil-isbotini topmagan” — deb e’tiroz bildirgan sog’liqni saqlash vaziri.

Vazirning ta’kidlashicha, shu monitoring natijasida 50 milliard so'mdan 35 milliard so'mi maqsadsiz xarajatlar o'z vaqtida aniqlangan va iqtisod qilinishiga erishilgan deyilgan, ammo bu hali korrupsion holat hisoblanmaydi.

“Meni bitta taklifim: bunday hisobotni yuqori darajaga olib chiqilishidan avval vazirlik bilan har bir holatni ko'rib chiqsak va yakuniy to'xtamga kelingan raqamni olib chiqsak, to'g'riroq bo'lardi”, — deb qo’shimcha qilgan Musayev

Qayd etilishicha, senat raisi Tanzila Norboyeva  Behzod Musaevning e'tirozi va taklifini rad etgan. U Antikorrupsiya agentligining milliy ma'ruzasiga ishonishini aytgan. Uning ta'kidlashicha, asossiz ma'lumotlar Senat yalpi majlisiga olib chiqilmaydi.

Shundan so'ng, Akmal Burhonov sog'liqni saqlash vazirining e'tiroziga munosabat bildirgan. Uning ma'lum qilishicha, vazirlik O'zbekiston bo'yicha eng ko'p korruptsiya aniqlangan davlat tashkilotlari ichida birinchi o'rinda bo'lgan. 2022-yilga kelib esa ikkinchi o'ringa tushgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling