Foto: Oliy majlis
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar tomonidan “Soliq va budjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Hujjatga koʻra, Soliq kodeksining 70-bobini (Advokatlar hayʼatlariga, advokatlik firmalariga, advokatlik byurolariga va advokatlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari) chiqarib tashlash yoʻli bilan advokatlik tuzilmalarini qoʻshimcha qiymat soligʻi toʻlovchilariga aylantirish nazarda tutilgan.
Deputatlar advokatlarning QQS toʻlovchilariga aylanishi ular tomonidan koʻrsatiladigan yuridik yordamning qiymati oshirilishiga, fuqarolar va yuridik shaxslarning malakali yuridik yordamni olish imkoniyati pasayishiga sabab boʻlishini taʼkidladi.
Xalq vakillari qonunga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar advokatlar faoliyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkinligini aytib, uni chiqarib tashlash taklifini ilgari surishdi.
Quyi palatada uzoq davom etgan tortishuvlar, savol-javoblar va baxs-munozaralardan soʻng, deputatlar taklifi bilan Soliq kodeksining 70-bobi chiqarib tashlanmaydigan boʻldi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling