Foto: Prezident matbuot kotibi
Endi O'zbekistonda davlat xizmatchilari soni kamaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida maʼlum qildi.
“Koʻp vazirlar oʻzgaradi. Oʻz sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi boʻlayotgan vazirlar lavozimida qoladi. Oʻylaymanki, bunday yondashuv adolatli boʻladi.
Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqaradi.
Iqtisod qilinadigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarga yoʻnaltiriladi.
Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi masʼuliyati oshiriladi.
Bunga mos ravishda javobgarligi ham kuchaytiriladi. Ularga aholi muammolarini hal qilish uchun yetarli vakolat va mablagʻ beriladi.
Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon boʻladi”, — Prezident.
“Birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinadi, Hukumat ish uslubi ham tubdan oʻzgaradi.
Eng avvalo, vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi.
Endi har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga masʼul boʻlib, tarmoq tarkibidagi qoʻmita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi”, — Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari qaysi vazir oʻz ishini eplay olmasa, isteʼfoga chiqishini ma'lum qildi.
“Biz korrupsiya haqida koʻp gapiramiz, lekin tizimida korrupsiyaga yoʻl qoʻyilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi soʻrov boshqacha boʻladi.
Vazir oʻz tizimiga ajratilgan mablagʻlarni samarali va maqsadli ishlatish boʻyicha birinchi boʻlib, oʻzi javob beradi. Davlat vakillari oʻzining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.
Endi, vazirlarning siyosiy masʼuliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi.
Har bir viloyatdagi muammolarni yechish uchun, har oyda joyiga chiqqan holda “Hukumat kuni” oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyiladi. Vazir har yil boshida jamoatchilik oldida sohadagi rejasi va yil yakuni bilan esa uning natijasi boʻyicha hisobot beradi.
Taʼkidlab aytmoqchiman – endi, qaysi vazir oʻz ishini eplay olmasa, isteʼfoga chiqadi”, — Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling