Gruziyada "Bank of Georgia" bankining Kutiasi shahridagi filialiga qurollangan shaxs bostirib kirib, 30 kishini garovga oldi. Bu haqda "Kommersant" xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 11:00 (Toshkent vaqti bilan 12:00) atrofida niqob va harbiy kamuflyaj kiygan, topponcha bilan qurollangan erkak bankka bostirib kirgan.
Ma'lum qilinishicha, qurollangan shaxs bank oldiga vertolyot, ikki million dollar, Rossiya bayrog'i va qarmoq olib kelishlarini talab qilgan.
Shuningdek, noma'lum shaxs bankning ichki devorlariga bomba o'rnatilganini, agar huquq-tartibot idoralari xodimlari uning talabini bajarmasa, garovdagilar bilan birga o'zini ham portlatib yuborishini aytib tahdid qilgan.
Guvohlarning so'zlariga qaraganda, qo'lida qurol bo'lgan noma'lum shaxs bank filialiga bostirib kirib, ogohlantiruvchi o'q uzgan. U bank xodimlaridan mavjud bo'lgan barcha naqd pulni berishlarini talab qilgan.
Biroq, jinoyatchi politsiya xodimlari voqea joyiga yetib kelib, atrofni o'rab olgani sababli ofis binosidan chiqib keta olmagan.
Ma'lumotlarga ko'ra, hozirda garovdagilarni qutqarish va jinoyatchini qo'lga olish bo'yicha maxsus operatsiya ishlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling