Foto: JSST
AQSh maʼmuriyati 4-avgust kuni mamlakatda maymunchechak kasalligi avj olgani sababli favqulodda holat eʼlon qildi. Bu haqda "The Hill" xabar bermoqda.
Unga ko'ra, ushbu chora bunday holatlar uchun ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlardan foydalanishga yordam beradi hamda vaksinalar va dori-darmonlarni tarqatishni osonlashtiradi.
"Biz ushbu virusga qarshi kurashish uchun yangi choralarni koʻrishga tayyormiz va har bir amerikalikni ushbu virusga qarshi kurashishda yordam berish uchun holatni jiddiy qabul qilishga chaqiramiz" – deydi AQSh Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy xizmatlari vaziri Xavyer Beserra "The Hill" nashriga bergan intervyusida.
Kasallikni nazorat qilish va oldini olish markazi bergan maʼlumotlarga koʻra, Qoʻshma Shtatlarda maymunchechak bilan kasallangan 6,6 mingga yaqin bemor roʻyxatga olingan. Hozirda Nyu-York kasallik tarqalishining epitsentri boʻlib qolmoqda.
Taʼkidlash kerakki, oʻtgan oy JSST maymunchechakni xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat deb eʼlon qilgan.
Maʼlumot uchun, maymunchechak kam uchraydigan yuqumli kasallik boʻlib, u Markaziy va Gʻarbiy Afrikaning chekcha hududlarida keng tarqalgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling