Foto: Kun.uz
Dunyo boʻylab taxminan 559 million bola oʻta issiq iqlim sharoitida yashaydi, bu ularning salomatligi, taʼlimi va farovonligiga taʼsir qiladi. Bu haqda YUNISEF xabar bermoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi tashkiloti (YUNISEF) mutaxassislari davlatlarni aholini sayyoradagi global isish oqibatlariga moslashtirish uchun barcha choralarni koʻrishga chaqirmoqda.
Tashkilotning qayd etishicha, haddan tashqari issiqlik bolalarda, ayniqsa, goʻdaklarda kattalarga qaraganda kuchli suvsizlanish, nafas olish muammolari va jiddiy kasalliklarga, jumladan surunkali nafas olish kasalliklari, astma va yurak-qon tomir kasalliklariga olib kelishi mumkin.
Haddan tashqari issiqlik tufayli chaqaloqlar va yosh bolalar hatto oʻlishi mumkin. Issiqlik toʻlqinlari bolalarning yashash sharoitiga, xavfsizligiga, ovqatlanishiga va suvdan foydalanishiga ham taʼsir qilmoqda.
Iqlim oʻzgarishi bolalar huquqlari inqiroziga olib keladi
“Iqlim inqirozi - bu bolalar huquqlari inqirozidir. Bu allaqachon ularning hayoti va kelajagiga halokatli taʼsir koʻrsatmoqda. Ekstremal ob-havo iqlim inqirozining eng koʻzga koʻringan va dahshatli koʻrinishlaridan biridir. Birgina shu yilning oʻzida Osiyodagi tarixiy suv toshqinlaridan Afrikadagi davom etayotgan qurgʻoqchiliklar kabi iqlim falokatlari birin-ketin sodir boʻldi”, — deydi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.
Shuningdek, u Hindistonni, Yevropa va Shimoliy Afrikadagi mamlakatlarni qamrab olgan lgan oʻrmon yongʻinlari va jazirama toʻlqinlarini iqlim oʻzgarishining bolalarga taʼsirini yaqqol misoli sifatida koʻrsatgan.
YUNISEFning 2021-yilgi bolalarning iqlim xavf-xatarlari indeksining yangicha tahliliga asoslanib, yangi hisobot hozirgi va kelgusi oʻn yilliklarda issiq toʻlqinlarning bolalarga taʼsirini oʻrganadi.
Kuchli jazirama shimoliy hududlardagi bolalarni ham chetlab oʻtmaydi
Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, butun dunyo boʻylab 559 mlnga yaqin bola allaqachon tez-tez issiqlik toʻlqinlari taʼsiridan aziyat chekmoqda. 2050-yilga kelib, sayyoradagi har bir bola - 2,02 mlrd bola issiq toʻlqinlarga tez-tez duchor boʻladi. Ayni paytda 23 davlat bolalarning haddan tashqari issiqlik taʼsiri boʻyicha “yuqori darajadagi” roʻyxatga kiritilgan. 2050-yilga borib bu raqam 36 ta davlatga oshishi mumkin. Burkina-Faso, Chad, Mali, Niger, Sudan, Iroq, Saudiya Arabistoni, Hindiston va Pokiston bolalari ayniqsa ogʻir iqlim sharoitida yashaydilar.
2050-yilga kelib, shimoliy hududlarda, ayniqsa Yevropada bolalar jaziramaning eng keskin oʻsishiga duch kelishadi. Afrika va Osiyodagi barcha bolalarning deyarli yarmi asrning oʻrtalariga kelib ekstremal haroratlarda yashashga majbur boʻlishi mumkin.
Global isishga moslashish loyihalari
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda bolalar farovonligi bogʻliq boʻlgan barcha tizimlarning iqlim oʻzgarishiga moslashish loyihalariga sarmoya kiritish dolzarbdir. YUNISEF rahbari bugungi kunda har uchinchi bola oʻta yuqori harorat sharoitida yashashini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, deyarli har toʻrt boladan biri yuqori chastotali issiqlik toʻlqinlariga duchor boʻladi. Shuningdek, u vaziyat faqat yomonlashishi haqida ogohlantirdi.
Ketrin Rasselning qoʻshimcha qilishicha, global isishning bolalarga halokatli taʼsiri darajasi bugungi kunda amalga oshirilayotgan harakatlarga bogʻliq boʻladi. U issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish, 1,5 darajadan oshiq global isishning oldini olish va 2050-yilgacha moslashuv loyihalarini moliyalashtirishni ikki baravar oshirishga chaqirdi.
“Bu bolalar hayoti va kelajagini va sayyoramiz kelajagini saqlab qolishning yagona yoʻlidir”, — deydi YUNISEF rahbari.
Tashkilot ekspertlari hukumatlarni eng muhim ijtimoiy xizmatlarni yangi sharoitlarga – suv taʼminoti, sanitariya va gigiyena, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ovqatlanish, ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilishga moslashtirishga, hamda Misrda boʻlib oʻtadigan Iqlim konferensiyasida bolalar uchun moslashish masalasini muhokama qilishga chaqirdilar.
Shuningdek, tashkilot mamlakatlarni oʻz fuqarolarini iqlim oʻzgarishi sharoitida hayotga tayyorlashga, jumladan, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va ekologik koʻnikmalarni oʻrgatishga chaqirdi.
YUNISEF ning taʼkidlashicha, siyosiy yetakchilar nafaqat oʻzgarishlarni talab qiladigan, balki qimmatli gʻoyalarni taklif qiladigan va ilgari suradigan bolalar va yoshlarni tinglashlari kerak. Ugandalik taniqli iqlim faoli va YUNISEF ning elchisi Vanessa Nakate Bolalar jamgʻarmasining yangi hisoboti uchun kirish soʻzini yozdi.
“2022-yildagi iqlim shoklari bizga yaqinlashib kelayotgan xavf haqida darak bermoqda”, — dedi Vanessa Nakate. Issiqlik toʻlqinlari bunga yorqin misoldir. Nakate dunyo yetakchilarini chora koʻrishga chaqirib, oʻylanib oʻtirishga vaqt yoʻqligini taʼkidladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling