Surxondaryoda shifokorlar "ixtiyoriy-majburiy" obunaga majburlanayotgani haqida audioyozuv tarqaldi

Obuna uchun shifokorlardan 900 ming, hamshiralardan 210 ming so'm so'ralgan

Foto: Teznews

Foto: Teznews

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida tibbiyot xodimlari obunaga majburlanayotgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

Murojaatchi shifokorlarning tushuntirishicha, obuna uchun shifokorlardan 300 ming so‘mdan uch oyga 900 ming so‘m, hamshiralardan 70 ming so‘mdan uch oyga 210 ming so‘m va tozalik xodimlaridan 50 ming so‘mdan 150 ming so‘m miqdorida pul olib qolinishi aytilgan.

"Ikkinchi masala obuna masalasi bo‘lib, har yili bo‘ladigan masala. Har yili siyosiy gazetalarga, tibbiyot jurnallariga obuna bo‘lamiz. O‘shanga bu yil ham obuna bo‘lishimiz kerak. Shunga yanvar oyidan boshlab oyligingizdan kesib olinadi. Summasidan xabaringiz bor, shifokorlardan 300 mingdan, hamshiralardan 70 mingdan va sanitarkalardan 50 ming so‘mdan ushlab qolinadi. Tushuntiroldimmi? Ba’zi birovlar bir yarim “stavka” ishlayapti, 7-8 million so‘m oylik olyapti. 300 ming so‘m hech narsa bo‘lmaydi. Muammo qilmang", — degan tarqal audioyozuvdagi mansabdor.

Yig‘ilishda so‘z olgan mutasaddining aytishicha, tuman tibbiyot birlashmasida barcha bo‘limlar obuna uchun pul yig‘ib bo‘lgan. Faqat markaziy poliklinika xodimlari qolgan, xolos.

"Hozir chiqib hamma ariza yozib beradi. Muammo qilmang. Hammada xato-kamchilik bor. Xatongizni bo‘yningizga qo‘yayotganim yo‘q. Indamang, elga kelgan to‘y, ixtiyoriy-majburiy", — deydi mas’ul.

Tibbiyot mansabdori, shuningdek, barcha xodimlarini shukrona qilishga chaqirib, obuna davlat siyosati ekanini ta'kidlagan.

"300 ming so‘m edi, 200 ming so‘m edi qanday beraman demang, tushkunlikka tushmang, bu davlat siyosati, muammo qilmangda, bajaring", — degan yig'ilishda so'zlagan mansabdor.

Holat yuzasidan rasmiy ma'lumot berilmagan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

So`nggi xabarlar

Yangiliklar