Foto: Telegram
Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻonadagi maktablardan birida kuchli portlash sodir boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot tarqaldi.
6-dekabr kuni soat 11:30 da Fargʻona shahridagi 41-maktab va 63- bogʻchaning umumiy isitish qozonxonasida yorilish sodir boʻlganligi toʻgʻrisida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Shunga koʻra, voqea joyiga Fargʻona shahar FV boʻlimi, “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti, “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda sohaviy xizmatlar xodimlari chiqib, vaziyat oʻrganilgan, deya taʼkidlanadi xabarda.
Dastlabki oʻrganish natijalariga koʻra, isitish qozonxonasida texnologik jarayonning buzilishi sabab ichki bosim ortib ketgan va yorilish sodir boʻlgan. Oqibatda qozonxona binosi yengil shikastlangan, voqea natijasida yongʻin qayd etilmagan.
Vaziyat natijasida tan jarohati olganlar yoki vafot etganlar yoʻq.
Ayni vaqtda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan voqea sabablari va zarar miqdori oʻrganilmoqda.
“Eslatib oʻtamiz, ijtimoiy tarmoqlarda goʻyoki sohaviy xizmatlardan birining vakillari tomonidan ushbu voqea haqida guvohlardan oshkor qilmaslik toʻgʻrisida tilxat olingani haqida maʼlumot tarqalgan. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari tomonidan bunday harakatlar amalga oshirilmaganini rasman maʼlum qilamiz”, deyiladi FVV xabarida.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling