Qashqadaryoda bog'cha mudiraligiga nomzod sobiq rahbarning farzandlari tomonidan kaltaklangani aytilmoqda — video

Tashkilotga direktor tayinlanish jarayoni, kuzatuv kengashi paytida oʻzaro janjal kelib chiqqan

Foto: Videodan lavha

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida bogʻcha mudiraligiga nomzod sobiq rahbarning oʻgʻli va qizi tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi va Mirishkor tumani hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Mirishkor tumanidagi 12-davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida sodir boʻlgan.

Xabarga koʻra, tashkilotga direktor tayinlanish jarayoni, kuzatuv kengashi paytida oʻzaro janjal kelib chiqqan. Sogʻligi yomonlashgani aytilayotgan ayolga tez fursatda birinchi yordam koʻrsatilgan va ahvoli oʻnglanib, uyiga ketgan.

Boshqarmaning qoʻshimcha qilishicha, holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritilmoqda.

“Natijasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling