Farg'onada haydovchiga noqonuniy bayonnoma tuzgan YHXB inspektorlari javobgarlikka tortildi

Haydovchi unga “ruhiy azob yetkazilgani” uchun inspektorlardan maʼnaviy zarar undirib olish uchun sudga daʼvo arizasi kiritgan

Foto: Kun.uz<br>

Foto: Kun.uz

Fargʻonada YHXB inspektorlari haydovchiga nisbatan noqonuniy maʼmuriy bayonnoma tuzgani uchun javobgarlikka tortildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha,2021-yil 8-dekabr kuni “Neksiya 2” rusumli avtomobil haydovchisi Fargʻona shahar Bozor yoʻli koʻchasidagi “Ixlos” savdo majmuasi oldidagi piyodalar yoʻlagida harakatlanib, ushbu yoʻlakda avtomobilini qoldirgan. Unga YPX isnpektori “Toʻxtash taqiqlanadi” yoʻl belgisiga amal qilmaganligi uchun maʼmuriy bayonnoma tuzgan. Haydovchi YPX inspektorlarining ushbu harakatlaridan norozi boʻlib Fargʻona shahar sudiga ariza bilan murojaat qilgan.

Shu kunning oʻzida haydovchiga yana bir inspektor maʼmuriy bayonnoma tuzdi. Bunda uning soat 16:44 larda shaharning Bozor yoʻli koʻchasida toʻxtab, bozorga kirgani asos qilingan.

Shundan soʻng har ikkala maʼmuriy bayonnoma Fargʻona shahar IIO FMB YHXB tomonidan sudga olib chiqilmay turib, haydovchidan jarima undirib olingan. Haydovchi maʼmuriy bayonnomalarni bekor qilishni soʻrab jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudiga ariza bilan murojaat qilgan.

Sud uning arizasini, keltirgan vajlarini atroflicha oʻrganib, 2021-yil 27-dekabr kungi qarori bilan haydovchining arizasi qanoatlantirdi. Inspektorlar tuzgan bayonnoma bekor qilindi.

Haydovchi ikkala inspektorning xatosi sabab oʻzi va oila aʼzolari ruhiy azob chekkanini bildirib, ulardan maʼnaviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻ­yicha Fargʻona tumanlar­aro sudiga daʼvo ariza kiritdi.

Sud daʼvoni qanoatlantirib, arizachi foydasiga inspektordan 3 mln soʻm maʼnaviy zarar, 270 ming soʻm davlat boji, 18,9 ming soʻm pochta harajatlari, yana bir javobgandan 3 mln soʻm maʼnaviy zarar, 540 ming soʻm davlat boji, 18,9 ming soʻm pochta harajatlari undirish boʻyicha qaror chiqargan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling