Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki dona jayraning noqonuniy ovlanishi bilan bog‘liq videotasvirlar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Davlat ekologiya qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat «Ekologik patrul» guruhi tomonidan o‘rganish olib borildi.
Ma'lum bo'lishicha, o‘rganishlarda videotasvirda ko‘rsatilgan holat sodir etilgan manzil va fuqarolarning shaxsi aniqlangan.
Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani, «Shabnam» MFYda yashovchi fuqarolar Hisorak qishlog‘iga yaqin tog‘oldi adirlikda jayrani noqonuniy ovlagan.
Bildirilishicha, holat bundan 4 yil avval sodir bo‘lgan.
Fuqarolar bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunining 42-moddasi va «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 17, 27-moddalari talablarini buzgan.
Shunga ko‘ra, mazkur shaxslarning har biriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-1-moddasi bilan 3 mln so‘mdan jarima va 1,8 mln so‘mdan tabiatga yetkazilgan zarar belgilangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling