Foto: Davlat ekologiya qo'mitasi
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 16 tup qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesib tashlangani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, tumanning “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish obyektida daraxtlarning noqonuniy kesilayotganligi boʻyicha maʼlumot kelib tushgan. Mazkur maʼlumotga asosan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Yashnobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar boʻlimi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganishlar davomida qurilish tashkiloti hududi koʻzdan kechirilganda 16 tup turli qimmatbaho boʻlgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanganligi aniqlangan.
Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 37-moddasi (daraxtlar va butalarni kesish) talablari buzilib, oʻsimlik dunyosiga koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi maʼlum boʻlgan.
Olib borilgan tekshiruvlar natijasida oʻsimliklar dunyosiga yetkazilgan zararning jami miqdori 3 mlrd 514 mln 200 ming soʻmni tashkil etgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (ekinzorlarni, oʻrmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa oʻsimliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling