Toshkentda MCHJ mansabdorlari odamlarning 2 milliarddan ortiq pulini o'zlashtirgani aytilmoqda

Aybdorlar topilib, kerakli choralar ko'rilmoqda

Roto: Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi <br>

Roto: Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi

Toshkentda MCHJ mansabdorlari odamlardan 2 milliard so'mdan ortiq pulni o'zlashtirib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko'ra, 1991-yilda tug'ilgan fuqaro E.E. va 1988-yilda tug'ilgan Z.G. joriy yilning 10-yanvar kuni "RAYONA QUTLUG'" nomli MCHJni tashkil qilgan hamda ushbu MCHJ joriy yilning 1-avgust kuniga qadar faoliyat olib borgan.

Shu davrda fuqarolarga avtomobil hamda uy-joylarni boshlang'ich to'lovni 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda to'lab, qolgan pullarni 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo'lib to'lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib berishi mumkinligini bildirishgan. Mijozlarni ishontirish maqsadida ular bilan shartnoma tuzishgan.

Biroq MCHJ mansabdor shaxslari fuqarolar tomonidan boshlang'ich to'lov sifatida to'langan pullarni (2 mlrd so'mdan ortiq) noqonuniy ravishda o'zlashtirishgani aytilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi ("O'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish") alomatlari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shunindek xabarda, "RAYONA QUTLUG"" MCHJ faoliyatidan jabr ko'rgan fuqarolar Mirobod tumani IIO FMBga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishi so'ralgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling