Nursulton Nazarboyevning jiyani olti yilga qamaldi

Tergov davomida umumiy 500 mln dollar pul davlatga qaytarildi

Foto: Ruposters

Foto: Ruposters

Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldi davlat mablag‘larini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha olti yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda "Lenta ru" nashri xabar qildi.

Prokuror Qayrat Satibaldi uchun aynan shuncha muddat jazoni talab qilgan. Sudda u o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha jinoyatni tan olgan, hamda “Kazaktelekom”ga 25,1 million dollar miqdoridagi zararni qoplab bergan va ushbu kompaniya, shuningdek, “Transport servis markazi” AJ bilan vositachilik shartnomasini tuzgan.

Hammasi bo‘lib besh nafar gumondor sudlangan. Tergov davomida sudlanuvchilarning noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan mol-mulki va 500 mln dollardan ortiq mablag‘lari davlatga qaytarilgan.

13-mart kuni Qayrat Satibaldi Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi xizmati tomonidan mansab vakolatini suiste’mol qilish va “Kazaktelekom” mablag‘larini o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlashda gumonlanib hibsga olingandi. Ertasi kuni kompaniyaning poytaxt ofisida tintuvlar o‘tkazilgan. 15-mart kuni sud Satibaldini 2 oyga hibsga olishga ko‘rsatma berdi, keyin esa bu muddat bir necha bor uzaytirilgan. Bir oy o‘tgach, tadbirkor nazoratidagi firmalar “Kazaktelekom”ning 28,8 foiz ulushini davlat taassarufiga qaytargan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling