Foto: Tergov Departamenti
Jizzax viloyatining Jizzax shahridagi ohak ishlab chiqaruvchi sexda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat manfaatiga 1 milliard 746 million soʻm zarar yetkazgan tadbirkorga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Foto: Tergov Departamenti
Qayd etilishicha, Joriy yilning 10-dekabr kuni soat 10-00 larda, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida Jizzax shahar Xayrobod MFYda yashovchi fuqaroga tegishli boʻlgan, Jizzax shahar Ulugʻbek MFY Toshkent koʻchasida joylashgan hech kim yashamaydigan hovli (eski beton zavodi hududi) koʻzdan kechirilgan.
Foto: Tergov Departamenti
Tezkor tadbir davomida 600 kg ohak, 4 dona gaz pechlari va boshqa xom-ashyolar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.
Oʻrganish davomida mazkur fuqaro 2022-yil sentyabr oyidan buyon M.Ulugʻbek MFY ichki yoʻnalishdagi 200 diametrli gaz quvuriga 50 diametrli truba tortib kelib yashirin ravishda ulanib, yordamchi xoʻjaligiga oʻrnatilgan pechlarda ohak pishirish bilan shugʻullanib kelganligi aniqlangan.
Foto: Tergov Departamenti
Hozirgi kunda hisob-kitoblarga koʻra, mazkur sexda jami 1 746 360 kub gaz ishlatilgan va uning taxminiy miqdori 1 mlrd 746 mln 360 ming soʻmni tashkil qilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (Oʻgʻrilik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.