Navoiy viloyatining Karmana tumani “Farhod” mahallasi yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Oblaqulov va ushbu tumanning “Bahrom” mahallasi yoshlar yetakchisi Muhriddin Bahronov YTH oqibatida vafot etdi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Saʼdullayev xabar berdi.
"Bir kunda tizimning yosh va zabardast ikki yetakchisining kutilmaganda bunday baxtsiz hodisa natijasida vafot etishi — juda og‘ir musibat. Jamoamiz nomidan marhumlarning oila-a‘zolari va yaqinlariga ta‘ziya bildiramiz", - deb yozadi agentlik direktori.
Qayd etilishicha, vafot etgan fuqarolarning ota-onasi va yaqinlariga moddiy va ma‘naviy ko‘mak ko‘rsatiladi.
"Bundan tashqari, Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi sho‘ba mutaxassisi Valijon Kasimov shifokorlar nazoratida qolmoqda. Uning ham tezroq shifo topib, tuzalib ketishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz va yordam beramiz", - deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.