Foto: Teznews
Ijtimoiy tarmoqlarda Oltiariq tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotida 41 nafar bolalar zaharlangani haqida xabarlar tarqalgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, 14-sentyabr kuni soat 18:00 larda Oltiariq tumani tibbiyot birlashmasiga tumandagi 39-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 8 nafar voyaga yetmagan bolalar alimentar diareya (nomutanosib ovqatlanish oqibatida ovqat hazm qilish tizimining buzilishi) birlamchi tashhisi bilan yotqizilgan. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.
Shuningdek, 15-sentyabr kuni 33 nafar qayd qilingan muassasa tarbiyalanuvchilarning ota-onalari farzandlarini salomatligini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida tibbiyot muassasasiga murojaat qilishgan.
Ularda qayd qilingan kasallik alomatlari aniqlanmagan, ularning 20 nafari kuzatuv ostida shifoxonada qoldirilib, 13 nafari shifoxonadan chiqarilgan.
Mazkur holat yuzasidan hozirda Oltiariq tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, ekpertiza tekshiruvi uchun tegishli namunalar olinib, sud-tibbiy ekspertizalari tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling