Foto: Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida 51 tup daraxt noqonuniy kesib ketilgan. Bu haqda viloyat ekologiya boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi masʼul inspektorlari va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda daraxt kesuvchilarga qarshi tezkor reyd tadbirlari oʻtkazilgan.
Tadbirlar davomida, Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi Machay oʻrmon boʻlimi xodimlarining xizmat vakolatiga sovuqqonlik bilan yondashishi, yuklatilgan masʼuliyatni suiisteʼmol qilishi natijasida Machay oʻrmon boʻlimining 5-aylanma 17-kvartalining Yetimtol va Almali massivlarida mavjud boʻlgan Zarafshon archa, Shumtol, Uchqad, Zarang jami 51 ta daraxtlari noqonuniy tag qismi bilan kesib tashlanganligi aniqlangan.
Natijada “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasi (Daraxtlar va butalarni kesish) talablari buzilib, 560 mln 550 ming soʻm miqdordagi oʻsimlik dunyosiga zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuraturaga yuborilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling