Foto: Davlat ekologiya komitasi matbuot xizmati
Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 16 tup qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Davlat ekologiya qoʻmitasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tumanning “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish obyektida daraxtlarning noqonuniy kesilayotganligi boʻyicha maʼlumot kelib tushgan. Mazkur maʼlumotga asosan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Yashnobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi, tuman ichki ishlar boʻlimi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda oʻrganish oʻtkazilgan.
Oʻrganishlar davomida qurilish tashkiloti hududi koʻzdan kechirilganda 16 tup turli qimmatbaho boʻlgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanganligi aniqlangan.
Ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 37-moddasi (daraxtlar va butalarni kesish) talablari buzilib, oʻsimlik dunyosiga koʻp miqdorda zarar yetkazilganligi maʼlum boʻlgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yetkazilgan zararning jami miqdori 3 mlrd 514 mln 200 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Hozirda oʻrganish natijasi boʻyicha toʻplangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling