Toshkent viloyatida kuyovini o'ldirib qo'ygan qaynota qamaldi

Voqeaga oʻzaro kelishmovchilik sabab boʻlgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida kuyovini pichoqlab oʻldirib qoʻygan qanota sakkiz yilga qamaldi. Bu haqda Repost.uz ga Toshkent viloyat sudi matbuot kotibi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 13-iyun kuni taxminan 23:00 atrofida marhum va ayoli oʻzaro janjallashib qolgan. Erining mastligi va uni kaltaklab, shikast yetkazishidan qoʻrqqan ayol, eri tashqariga chiqqanidan foydalanib, ota-onasining uyiga qochib ketgan.

Shundan soʻng, er jahl ustida qaynotasining uyiga rafiqasini qidirib borgan va qaynotasi bilan ham janjallashib qolgan. Yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida, sudlanuvchi oshxona pichogʻi bilan kuyovining bir necha joylariga ogʻir tan jarohati yetkazgan.

Natijada, jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari bilan tuman shifoxonasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. Koʻrsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay, jabrlanuvchi olgan jarohatlari sababli 14-noyabr kuni vafot etgan.

Sudlanuvchining soʻzlariga koʻra, u oʻzini himoya qilmoqchi boʻlgan.

“Oʻzimni himoya qilish maqsadida pichoqni ushlayman deganimda ikkalamiz yiqildik va pichoq kuyovimga kirib ketdi. Kechiringlar, bunday boʻladi deb oʻylamagandim”, — deydi u.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning xulosasiga koʻra, jabrlanuvchining chap va oʻng oyoq son sohalariga bir necha marotaba pichoq sanchilib, tiqib olinganligi aniqlangan. Marhumning oʻlimiga mayda qon tomirlari va chap yoʻgʻon qon tomirlari shikastlanishi natijasida koʻp qon yoʻqotishi sabab qilib koʻrsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani sudida, sudlanuvchiga nisbatan sud hukmi oʻqilgan. Unga koʻra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) 3-qismining “d” (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa) bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topillgan. Shuningdek, sudlanuvchiga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling