O'q otar quroldan odam yaralagan shaxs qamoqqa olindi

Voqeaga orada yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab boʻlgan

Foto: IIB matbuot xizmati<br>

Foto: IIB matbuot xizmati

Toshkent viloyati Piskent tumanida nomaʼlum rusumli oʻq otar quroldan foydalanib odam yaralagan shaxs qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 13-noyabr kuni soat taxminan 21:00larda Toshkent viloyati Piskent tumani “Lolaariq” mahallasi hududida 61 yoshli fuqaro va 32 yoshli tanishi oʻrtasida janjal kelib chiqqan. Oqibatida 61 yoshli fuqaro tanishini nomaʼlum rusumli oʻq otar quroldan jarohatlab, voqea joyidan yashiringan.

Natijada jabrlanuvchi “Qorinning oʻng tomon pastki qismini oʻq-otar qurolning oʻqi teshib kirishi, qorin boʻshligʻi ichki aʼzolarining jarohatlanishi” tashhisi bilan Piskent tumani tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.

Koʻrilgan tezkor-qidiruv tadbirlari jarayonida jinoyatni sodir etishda gumonlangan shaxs qoʻlga olingan. Shuningdek, voqea joyidan roʻyxat raqami oʻchirilgan, kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan 9mm PM jangovar toʻpponchasi, ikki dona oʻq hamda bir dona otilgan gilza daliliy ashyo sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25 (jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddalari (qasddan odam oʻldirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Hozirda nomaʼlum oʻq otar qurolini kelib chiqishi hamda boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling