Qashqadaryodagi manzil-koloniya tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi

Gazdan noqonuniy foydalangani oqibatida davlat va jamiyatga 1 mlrd 296 mln soʻm zarar yetkazilgan

Foto: Videodan lavha<br>

Foto: Videodan lavha

Qashqadaryoning Qarshi shahrida joylashgan IIV JIEDga qarashli 35-manzil-koloniyada joylashgan ohak ishlab chiqarish korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi. Bu haqda “Hududgaz Qashqadaryo” gaz taʼminoti filiali xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi shahar boʻlimi tomonidan IIV masʼul xodimlari bilan hamkorlikda IIV huzuridagi JIED 4-mintaqaviy hudud, 35-manzil-koloniyasida tekshiruv oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida manzil-koloniyaning ishlab chiqarish hududida oʻzboshimchalik bilan gaz tarmogʻiga ulangan ikkita ohak pishirish xumdoni ishlayotgani aniqlangan.

Xabarga koʻra, manzil-koloniyaning mansabdor shaxslari gazdan noqonuniy foydalangani oqibatida davlat va jamiyatga 1 mlrd 296 mln soʻm zarar yetkazilgan.

Hisob-kitoblarga koʻra, manzil-koloniyada noqonuniy ishlatilgan gaz hajmi 1 mln 296 ming 405 metr kubni tashkil etgan. Bu 1 800 ta xonadonni 1 oy mobaynida tabiiy gaz bilan taʼminlashi mumkin boʻlgan miqdor hisoblanadi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling