Foto: Prokuratura Departamenti
Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida uch nafar shaxsni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilgani aytayotgan fuqarolar qoʻlga olindi. Bu haqda Prokuratura Departamenti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻrgʻontepa tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tekshiruvlar davomida muqaddam sudlangan fuqaro uch nafar shaxsni 38 ming dollar evaziga elchixonada ishlovchi tanishlari orqali Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilgani aniqlangan.
Shundan soʻng, fuqaro kelishilgan puldan 6 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Shu kabi, Departamentning Chirchiq shahar boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tekshiruv tadbirlari oʻtkazilgan.
Tadbir davomida burqaro boshqa bir fuqaroni tanishlari orqali 3500 dollar evaziga Latviya Respublikasiga ishga yuborishini vaʼda qilgani aniqlangan. Shundan soʻng, u kelishilgan puldan 3000 dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlar qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling