Foto: "Xavfsizlik" Telegram kanali
Suriyada “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qoʻshilib, jangovar harakatlarda ishtirok etgan yigit Oʻzbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Xavfsizlik” Telegram kanali xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Fargʻona viloyatida tugʻilgan 27 yoshli fuqaro xorijda mavsumiy ishlagan davrida internet tarmogʻi orqali xalqaro terroristik tashkilotlar aʼzolari bilan doimiy aloqada boʻlgan.
Shuningdek, ularning taʼsirida 2019-yilda Suriyaga borib, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qoʻshilgan hamda jangovar harakatlarda qatnashgan.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan chet el maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida mazkur fuqaro xorijda ushlanib, Oʻzbekistonga olib kelingan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling