Jismoniy shaxslarni telefon raqami orqali aniqlash tartibi tasdiqlandi

Identifikatsiya YAIDXP mobil ilovasi orqali ham amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda jismoniy shaxslarni Mobile-ID identifikatsiya qilish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Mobile-ID tizimida identifikatsiya qilish, foydalanish va identifikatsiyani tugatish tartibini nazarda tutuvchi Nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, Mobile-ID tizimidan foydalangan holda identifikatsiya qilish fuqarolarning murojaatiga ko‘ra davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idoralar tomonidan (fuqaroning yuzini raqamli formatda suratga olish va elektron shaklda barmoq izlarini olish yo‘li bilan) amalga oshiriladi.

Identifikatsiya YAIDXP mobil ilovasi (masofadan biometrik identifikatsiya (Face-ID) yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo orqali) orqali ham amalga oshiriladi.

Joriy yilning 31-dekabriga qadar Davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idoralar tomonidan Mobile-ID tizimidan foydalangan holda fuqarolarni identifikatsiya qilish bepul amalga oshiriladi. 2023-yil 1-yanvardan boshlab ushbu xizmat uchun BHMning ikki foizi (6 000 so‘m) miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi. YAIDXP mobil ilovasi (Google Play AppStore‘da mavjud MyGov ilovasi) orqali identifikatsiya qilish bepul bo‘ladi.

Mobile-ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar elektron raqamli imzodan foydalanmasdan barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviy xizmatlardan tashqari) foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling