Banklar va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligiga rioya qilmagani uchun keltirilgan moddiy zarar ular hisobidan undiriladi

Kiberjinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan  banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaga eʼlon qilinadi.

Prezident “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yana-da kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qaror bilan kiberjinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularni fosh etish samaradorligini oshirish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va qator tashkiliy-texnik choralarni ko‘rish belgilandi.

Jumladan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida yagona ishlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi alohida qonun loyihasini ishlab chiqish hamla yuridik shaxslar tomonidan kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi barcha jinoyatlar yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish topshirildi.  

Banklar, to‘lov tizimi operatorlari, to‘lov tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida yo‘l qo‘yilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish belgilandi.

Shu bilan birga, bundan keyin kiberjinoyatni sodir etishda o‘z nomidagi bank kartasidan, bank hisobraqami, elektron hamyonidan va boshqa shaxsiga doir maʼlumotlaridan (SIM kartasi, elektron akkaunti) foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari o‘rnatiladi.

Kiberjinoyatlarning oldini olish yo‘nalishida axborot tizimidagi zaifliklar va kamchiliklar natijasida kiberjinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan  banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxatini ommaga eʼlon qilish hamda aholi pul mablag‘larini jalb qilishga qaratilgan onlayn firibgarlik sxemalari (“moliyaviy piramida”)ni barvaqt aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, qaror bilan shaxslarning bank kartalaridagi pullari talon-toroj qilinishini to‘xtatish maqsadida banklar, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlariga zamonaviy antifrod va antivirus himoya tizimlarini joriy etish hamda firibgarlar tomonidan soxta raqamlar orqali fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilishlarini texnik (imkonsiz qilish) cheklash kabi choralar belgilandi.

2025-yildan boshlab, har yili bir oy davomida “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” kompleks targ‘ibot oyligini o‘tkazish hamda tashviqot ishlari sohaga oid barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan faol tarzda olib borish orqali aholining raqamli immuniteti va ogohligini oshirishning doimiy tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga muvofiq kiberjinoyatlarni fosh etish yo‘nalishida Markaziy bank, to‘lov tizimi va ichki ishlar organlari vakillaridan iborat tezkor harakatlanish guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va mazkur guruh tomonidan shubhali pul o‘tkazma amaliyotlariga aloqador bank kartalarini tezkorlik bilan aniqlash va bloklash kabi choralar ko‘rib boriladi.  

Qaror bilan kiberjinoyatlarni tergov qilish va fosh etish faoliyatining sifati va samaradorligi oshirish maqsadida ushbu jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokurorlik nazorati hamda ilmiy tadqiqot faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.  

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling