Jizzax viloyatida yashovchi maktab o‘quvchisi Nexia-3 rusumli avtomashinani kreditga sotib olmoqchi bo‘lgan shaxsni talon-taroj qildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi fuqaro huquq-tartibod idoralariga murojaat qilgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Telegramdagi "Avtokredit bosh to'lovsiz" guruhiga a'zo bo'lgan. Shundan so'ng, o'zini guruh adminstratori deb tanishtirgan shaxs uning ishonchiga kirib uch yil muddatga 90 mln so'mga 16 foizdan "Nexia 3" mashinasini olib berishni va'da qilgan.
Bir muddatdan so'ng, u kelishuv asosida boshlang'ich 2 mln 180 ming so'm pulni qo'lga kiritgach Telegramdagi yozishmalarni o'chirib tashlagan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yo'li bilan pullarni o'zlashtirgan shaxs Jizzax viloyati Paxtakor tumanida yashovchi 16 yoshli 10-sinf o'quvchisi ekanligi aniqlangan.
Xabarga ko'ra, ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling