Foto: Tez News
Buxoro davlat universiteti musiqa fani o'qituvchisi mualliflik huquqini buzgani uchun 30 million so'm tovon puli to'laydi bo'ldi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda O'zbekistonda mualliflik huquqini o'zlashtirib olish (plagiat) imkoniyatlari sezilarli darajada kuzatilmoqda. Maʼlum qilinishicha, yuqorida taʼkidlangan holat ilmiy maqomga ega boʻlgan, oliy oʻquv yurtlarida dars bergan professor, dotsent va katta ilmiy xodimlar orasida sodir boʻlmoqda. Mualliflik huquqini oʻzlashtirib olganlik holati boʻyicha Adliya vazirligiga navbatdagi murojaat kelib tushgan.
Murojaat asosida vazirlik tomonidan Buxoro davlat universiteti musiqa fani o‘qituvchisi “Musiqa tarixi (Chet el musiqasi)” nomli oʻquv qo‘llanmasida fuqaro boshqa bir fuqaroga tegishli bo‘lgan “Xorijiy musiqa adabiyoti” asaridan jami 155 sahifadagi matnlar ko‘chirib olinganligi hamda fuqarolik muomalasiga kiritilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi jabrlanuvchi fuqaro manfaati tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga mualliflik huquqi buzilganligi uchun tovon puli undirish bo‘yicha da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Sud qaroriga ko‘ra javobgar shaxs mualliflik huquqini buzish orqali chop etilgan “Musiqa tarixi (Chet el musiqasi)” nomli o‘quv qo‘llanmalarini o‘z hisobidan fuqarolik muomalasidan chiqarib tashlash majburiyati yuklatilgan.
Shuningdek, qarorda javobgardan da’vogar jabrlanuvchi foydasiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari – 30 mln so‘m miqdorida tovon puli hamda 8 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling