Senat saytini buzgan yigitlar uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

Ular kiberhujum uyushtirishga oid materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda ko'rib o'rgangan

Foto: BBC

Foto: BBC

Oliy Majlis Senatining rasmiy veb saytiga hujum uyushtirgan shaxslarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti Matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, 2022-yilning sentyabr oyidan boshlab Norin tumani Ulugʻbek koʻchasida yashovchi voyaga yetmagan 16 yoshli fuqaro boshqalar bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirib, ijtimoiy tarmogʻi orqali kiberhujum uyushtirishga oid materiallarni koʻrishgan.

Shundan soʻng, ular ushbu yoʻnalishda noqonuniy xatti-harakatlarni oʻzlashtirib olishib 2-noyabr kuni Oliy majlisi Senatiga tegishli boʻlgan "senat.uz" veb saytiga hamda boshqa saytlarga noqonuniy kiberhujumlar amalga oshirishganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Norin tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan holat yuzasidan JKning 278-2-moddasi 2-qismi “a” bandi (Kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha kelgusi tergov harakatlarni amalga oshirish maqsadida IIV huzuridagi Tergov departamenti ish yurituviga qabul qilingan.

Qayd etilishicha, tergov yakuniga koʻra barcha aybdorlarga qonuniy chora koʻrilishi taʼminlanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling