O'zbekistonda yil boshidan beri 50 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini yurituvchi saytlarga kirish cheklandi

Oʻrganishlar davomida 162 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan

Foto: Tez News

Foto: Tez News

Oʻzbekistonda 2022-yil boshidan buyon 50 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish mutasaddi idoralar orqali cheklab qoʻyildi. Bu haqda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, respublikada totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq oʻrganishlar davomida 162 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va barchasi bartaraf etilgan.

Xabarga koʻra, “Reklama toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun bilan energetik ichimliklar reklamasiga doir qoʻshimcha talablar oʻrnatilgan. Maʼlum qilinishicha, endilikda tashqi reklama va axborot obyektlari orqali joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, mazkur talablarga rioya etilishi yuzasidan oktyabr-noyabr oylarida respublika boʻylab oʻtkazilgan 1520 ta monitoring tadbirlarning 472 tasida kamchiliklar aniqlangan.

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi va reklama mazmunining tarjimasi qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi belgilangan. Maʼlumotlarga koʻra, 39 215 ta obyektda oʻtkazilgan shunday oʻrganishlar davomida ularning 11 555 tasida xato va kamchiliklar aniqlangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling