Termizning sobiq hokimi va o'rinbosari qariyb 15 mlrd so'mni o'zlashtirganlikda gumon qilinib hibsga olindi

Tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda

Foto: Ozodlik radiosi

Foto: Ozodlik radiosi

Huquq-tartibot organlari Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, uning ikki nafar o‘rinbosari va yana 4 nafar mansabdorni hibsga oldi. Ular «Yashil dunyo» savdo majmuasi qurilishi davomida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda Repost.uz’ga Surxondaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil Xudoyberdiyevga Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Gʻayrat Elamanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasining «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Sobiq hokim qamoqqa olinganidan bir necha kun o‘tgach, u ham ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.

Bundan tashqari, 2017−2018 yillarda hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat Rahmonqulov ham qamoqqa olingan va jinoyat ishiga jalb qilingan.

Tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Isroil Xudoyberdiyev 2017-yildan 2022-yilgacha Termiz shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 21-sentyabr kuni lavozimidan bo‘shatilib, o‘rniga yangi hokim tayinlangandi. Oradan 3 kun o‘tib sobiq hokim qamoqqa olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling