Foto: Andijon viloyat hokimligi
26-dekabr kuni Fargʻona viloyat sudida 45 nafar sudlanuvchi, jumladan, Andijon viloyatining sobiq hokimi va prokuroriga nisbatan ochilgan jinoyat ishi boʻyicha ochiq sud majlisi yakunlandi, deya xabar qilmoqda Oʻzbekiston Oliy sudi matbuot xizmati. 18-iyul kuni boshlangan sud jarayoni 5,5 oy davom etdi.
Oliy sud Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining hukmiga koʻra, B. Xaydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish)ning “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi (Mansab soxtakorligi) “a”, “b” bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Xaydarovga BHMning 350 baravari, yaʼni 85 mln 750 ming soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Sobiq shahar prokurori Qurbonali Asqarov (1982-yil) shu kabi moddalar, shuningdek, 211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a”, “b” bandlari bilan aybdor deb topildi va unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xuddi shu moddalar bilan Andijon shahar markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya boshqarmasi bosh hisobchisi Saida Yoʻlchiyeva (1976-yil) aybdor deb topilib, 2 yil 2 oy 20 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 11 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi oʻtash uchun qoldirildi.
Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Farhod Mullajonov (1983-yil) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu moddalar bilan Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi mahalliy byudjet daromadlarini rejalashtirish va byudjetlashtirish boʻlimining sobiq boshligʻi Shavkat Hoshimov (1990) 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasining sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov 3 yilga moddiy javobgar lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilinib, 5 yilga hukm qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling