Surxondaryoda Afg'onistondan O'zbekistonga giyohvandlik moddalarini olib o'tgan jinoiy guruh a'zolari ushlandi

Jami 11 nafar shaxs qoʻlgan olingan boʻlib, ulardan 11 kg 44 gr “gashish” moddasi musodara qilingan

Foto: DXX<br>

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda “Afgʻoniston-Tojikiston-Oʻzbekiston” yoʻnalishida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi.

Maʼlum qilinishicha, Sariosiyo tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Shoʻrchi va Uzun tumanlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ketayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, muqaddam 2 nafari sudlangan ushbu shaxslar yonida 670 gr “gashish” moddasi borligi aniqlangan.

Shuningdek, ushbu giyohvandlik moddalari Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan 46 yoshli fuqarodan 2800 dollar evaziga sotib olinganligi maʼlum boʻlgan va bu shaxs ham qoʻlga olingan.

Tezkor tadbirning ikkinchi bosqichi Boysun tumanidagi “Darband” YPX maskanida davom ettirilgan. Tekshiruv davomida Uzun tumanida yashovchi 3 nafar shaxs ketayotgan “Neksiya 2” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan.

Natijada mashina salonidagi 9 kg 410 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Uzun tumani hududiga oʻtkazilgan mazkur giyohvandlik vositasi aslida Samarqand viloyatida kutib turgan xaridorlarga yetkazilishi kerakligi maʼlum boʻlgan.

Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, Nurobod tumanida ushbu giyohvandlik moddaning maʼlum bir qismini qabul qilib olgan vaqtda Samarqand va Andijon shaharlarida yashovchi 3 nafar fuqaro ham ushlandi.

Shuningdek, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 51 yoshli fuqaroning yashash xonadonida 964 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, u ham oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tadbir davomida jami 11 nafar shaxs qoʻlgan olingan boʻlib, ulardan 11 kg 44 gr “gashish” moddasi musodara qilingan.

Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha Boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling