O'zbekistonda yil boshidan buyon sodir bo'lgan YTHlarning aksariyati yo'llarning talabga javob bermasligi oqibatida yuzaga kelgan — IIV

2022-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 7 636 ta yoʻl transport hodisasi sodir etilgan

Foto: IIBB.uz<br>

Foto: IIBB.uz

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Bekmurod Abdullayev respublikada yoʻllarning qancha qismi talabga javob bermasligini maʼlum qildi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2022-yilning yanvar-oktyabr oylari davomida 7 636 ta yoʻl transport hodisasi sodir etilgan. Maʼlum qilinishicha, shundan 1 931 tasi oʻlim bilan yakun topgan. Aynan yoʻl infratuzilmasi toʻgʻri tashkil etilmagani oqibatida 3 980 ta yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan. Aynan mazkur sabab transport hodisalarining 52 foizini tashkil etadi.

Uning soʻzlariga koʻra, bu kabi holatlar asosan piyodalar oʻtish yoʻlagining toʻgʻri tashkil etilmagani, veloyoʻlaklarning mavjud emasligi, yoʻlni ikkiga ajratuvchi toʻsiqlar oʻrnatilmagani, yoʻllarning yoritilmagani, piyodalar harakatini cheklovchi toʻsiqlar oʻrnatilmagani hamda yoʻlning oʻtkazuvchanligi transport oqimiga moslashtirmagani kabi sabablar tufayli yuzaga kelgan. Koʻpgina hududlarda yer osti va yer usti piyodalar oʻtish joyi tashkil etilmagan.

Shuningdek, aynan inson omili bilan bogʻliq 3 656 ta yoʻl transport hodisasi sodir etilgan. Bunda haydovchilarning belgilangan tezlikka rioya etmasligi, haydovchining tajribasizligi, piyodalarga yoʻl bermaslik, svetofor va yoʻl belgilariga rioya qilmaslik kabi holatlar ham sabab boʻlgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling