Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsion holatlar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi bo‘limi inspektori fuqaroga davlat zaxirasida bo‘lgan 20 gektar yerdan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat va uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini tayyorlab berish evaziga 2200 dollar olgan vaqtida ushlandi.
So‘ngra, u ushbu pul mablag‘idan 200 dollarni o‘z ulushi sifatida olib qolib, qolgan qismini tuman bo‘limi boshlig‘iga berish kerakligi ma‘lum bo‘ldi.
Davom ettirilgan tezkor tadbirda tuman bo‘lim boshlig‘i 2 ming dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Navoiy suv ta‘minoti AJning tumanlardan biridagi bo‘limi mashinisti mahalliy fuqaroni mansabdor tanishlari orqali ushbu tizimga operatorlik vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida muqaddam sudlangan bosh muhandis ushlandi.
Bundan tashqari, ushbu noqonuniy ishga tuman bo‘limi boshlig‘i ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.