G'afur G'ulom bo'gi yangi "Dream Park" nomi bilan test rejimida faoliyat boshladi

Hozirda bog' hududida o‘rnatilgan uskunalar aholi xavfsizligi uchun qayta sinovdan o‘tkazilib, tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda

Joriy yilning 24-oktyabr kunidan Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan "Gʻafur Gʻulom" bog‘i yangi "Dream Park" nomi bilan test rejimida faoliyat boshladi. Bu haqda Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, "G'afur G'ulom" nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ta’mirlash ishlari nihoyat yakuniga yetmoqda. Hozirda bog‘ test rejimida faoliyat boshladi. Ya'ni o‘rnatilgan uskunalar aholi xavfsizligi uchun qayta-qayta sinovdan o‘tkazilib, tozalash va tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda.

"Biz faqatgina poytaxtning eng yirik yashil hududlaridan birini saqlab qolishni emas, balki hududni yangi va turli daraxtlar, butalar va gullaydigan o‘simliklar bilan to‘ldirishni ham o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘ygandik", – deydi "Gʻafur Gʻulom" bog‘i direktorining o‘rinbosari Zafar Mirzaulukov.

Ta'kidlanishicha, bog'ning avvalgi tabianini tiklash uchun ko'p kuch va mablag' sarflangan.

Ma'lum qilinishicha, bog'dagi barcha rasta, kafe va kabob tayyorlaydigan joylari tozalangan. Bog' hududidagi landshaft dizayniga katta e'tibor qaratilgan va bunda bog' maksimal darajada tabiiylik va uyg'unlik saqlanib qolingan. Shuningdek, bog' "ekofrendli" uslubida yangilangan.

Su bilan birga, bog'ga charxpalak qaytarilgan va undagi yopiq kabinkalar hamda kondisionerlash tizimiga ega zamonaviy tarzda jihozlangan.

Ma'lumotlarga ko'ra, piyoda sayr qilish va yugurish yo‘laklariga joy bo‘shatish uchun bog‘da attraksionlar soni kamaytirilgan.

Bundan tashqari bog‘ hududida joylashgan ikkita ko‘l ta’mirlanib, gidrotizimlar to‘liq o‘zgartirildi, shuningdek, ko‘llarning atrofida plyaj zonalari va tabiat qurshovida dam olish uchun joylar yaratilgan. Ushbu ko'llarning birida qayiq va katamaranlar saqlab qolinmoqda, ikkinchi ko‘l esa o‘rdaklar uchun ajratilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling