Birinchi kurs talabalariga ikki oylik ijara to'lovi hech qanday shartnomasiz to'lab beriladi

Ushbu qaror joriy yilning sentyabr va oktyabr oyi uchun amal qiladi

Foto: Kun.uz<br>

Foto: Kun.uz

Joriy yilda birinchi kurs talabalariga hech qanday ijara shartnomasisiz sentyabr va oktyabr oylari ijara to‘lovi to‘lab beriladi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Maʼlum qilishicha, joriy yilda 1-kursda tahsil olayotgan, ijarada yashaydigan talabalarga, istisno tariqasida, sentyabr va oktyabr oyi ijara to‘lovlarining 50 foizi, Toshkent shahrida BHMning 1 baravarigacha (hozirda 300 ming so‘m), qolgan hududlarda esa BHMning 0,5 baravarigacha (hozirda 150 ming so‘m) hech qanday ijara shartnomasi talab etilmasdan to‘lab beriladi. Ijara shartnomasini taqdim etgan talabalarga noyabr oyidan to‘lovlar davom ettiriladi.

“Mazkur imkoniyatdan foydalanish uchun ijarada turadigan talabalar o‘zi ta’lim olayotgan fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki oliy ta’lim muassasasining talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiruvchi bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin”, – deydi Sa’dullayev.

Maʼlumot uchun, Hukumat qarori bilan 2021-yil 1-maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan, ota-onasiga (qonuniy vakillariga) tegishli boʻlmagan uyda ijarada yashaydigan talabalarga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi budjet mablag‘lari hisobidan qoplab berilishi belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling