Foto: Andijon viloyat hokimligi
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bir qancha hududlarda aholi bilan uchrashuvlari davomida kam taʼminlangan xonadonlarni quyosh panellari bilan taʼminlash taklifini bildirdi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, kam taʼminlangan xonadonlarga tuhfa yoki yordam sifatida televizor, muzlatgich yoki isitgich kabi maishiy texnikalar topshirish ularning elektr uchun xarajatini koʻpaytirmoqda. Moddiy yordam soʻrab murojaat qilayotgan fuqarolar ham aksar hollarda elektrdan qarzdorlik sabab yordam soʻramoqda.
“Xonadonlarni yoʻqlab borganda yoki bayram kunlarida insonlarga televizor yoki boshqa texnikalar sovgʻa qilganda koʻra, quyosh paneli topshirsak va oʻrnatib ham bersak, ularning oilasiga har tomonlama koʻproq foyda boʻlar ekan”, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.
Uning soʻzlariga koʻra, panellar prezident nomidan topshiriladi va xonadonlarga oʻrnatib ham beriladi.
“Bu orqali oʻsha xonadonning elektr energiyasi barqarorlashadi, xarajati kamayadi, toʻlovdagi yetishmovchiliklar ortda qoladi, xonadonni isitish osonlashadi va oilaning hozirdagi asosiy muammolaridan bir nechtasi yechim sari yuzlanadi”, — deyiladi xabarda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling