Navoiyda maktab qorovulxonasida qimor o'ynagan direktor va uning o'rinbosari ishdan bo'shatildi

Ushbu holat tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilgan

Foto: Xalq so'zi<br>

Foto: Xalq so'zi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Boshliq soʻkongʻich boʻlishi mumkin, oʻyinchi boʻlishi mumkin....” sarlavhasi ostida maktab direktori va uning oʻrinbosari maktab qorovulxonasida qimor oʻynagani aks etgan videolar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Navoiy xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Navoiy viloyatida Nurota tumanidagi 52-sonli maktabida sodir boʻlgan.

Xabarga koʻra, ushbu holat tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan atroflicha oʻrganib chiqilgan. Shundan soʻng, 52-sonli maktabda oʻquv ishlari, tashkiliy-texnik va kadrlar masalasida oʻziboshimchalikka yoʻl qoʻyilgani, ichki tartib-qoidalarga xilof tarzda xatti-harakatlar sodir etilgani aniqlangan. Videoda aks etgan maktab direktori va uning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan boʻshatilgan.

"Shu oʻrinda ulugʻvor imorat hisoblanadigan maktablarning rahbarlari har jabhada boshqalarga oʻrnak boʻlishi, umumiy eʼtirof etilgan tartib-qoidalarga rioya etishlarini soʻrab qolamiz. Zero, yoshlar sizlardan ibrat oladi”, — deyiladi boshqarma xabarida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling